O'zgaruvchilar(Variables)

C++ da o’zgaruvchilar haqida

C++ da O’zgaruvchilar (Variables)

O’zgaruvchilarni ko‘pchilik har xil tushunadi va tushuntiradi. Biz esa uni foydalanuvchi ma’lumotlarini saqlash uchun kompyuter xotirasida ajratilgan, nomlangan joy deb tushunamiz. Tasavvur qiling, siz xotiraga ma’lumot saqlamoqchisiz, masalan, biror odamning ismini. Xotirada joy ajratasiz va bu joyga nom berasiz, shu nom orqali unga murojaat qilib ma’lumotga kirish imkoniyatiga ega bo'lasiz. Bu jarayonga o’zgaruvchi e’lon qilish deyiladi. O'zgaruvchilarni tushunish C++ da dasturlash uchun muhim hisoblanadi.

O'zgaruvchilarni E'lon Qilish

C++ static til bo’lgani uchun o’zgaruvchilar e’lon qilinayotganda, ularning turini belgilashingiz kerak bo‘ladi. Quyida o’zgaruvchi turlari keltirilgan:

int x = 1; // butun son (integer)
double y = 5.5;  // kasr son (floating point)
char myChar = 'D'; // bitta belgini ifodalovchi o'zgaruvchi (character)
std::string matn = "salom"; // qator matn (string)
bool myBoolean = true; // mantiqiy qiymat (boolean, true/false)

Maslahat: Belgilarni ifodalashda char uchun qo'shtirnoq (" ") emas, bitta tirnoq (' ') ishlatiladi.

C++ da O'zgaruvchilar Turlari

  1. Butun sonlar (int, short, long, long long) Butun sonlarni turli formatlarda saqlash mumkin:

    int age = 25;         // odatiy butun son (4 byte)
    short year = 2023;     // kichik butun son (2 byte)
    long population = 8000000000; // katta butun son (4 yoki 8 byte)
    long long distance = 1000000000000; // juda katta son (8 byte)
  2. Kasr sonlar (float, double, long double) Kasr sonlar uchun bir nechta turli aniqlik darajalariga ega turlar mavjud:

    float temperature = 36.6f; // kasr son (4 byte)
    double pi = 3.14159; // aniqroq kasr son (8 byte)
    long double precise_pi = 3.141592653589793238; // eng aniq kasr son (10-16 byte)
  3. Mantiqiy o'zgaruvchilar (bool) Mantiqiy qiymatlar faqat ikkita qiymatga ega bo‘ladi: true yoki false:

    bool isOnline = true; // mantiqiy qiymat
  4. Belgi va qatorlar (char, std::string) Belgilar va qatorlar uchun alohida turlar ishlatiladi:

    char initial = 'A'; // bitta belgi
    std::string greeting = "Salom, dunyo!"; // qator matn

O’zgaruvchilarni Birdaniga E'lon Qilish

C++ da bir nechta o’zgaruvchilarni bir qatorda e'lon qilish mumkin. Bunga Multiple Declaration deyiladi:

int x = 1, y = 2, z = 3;

O'zgarmas O'zgaruvchilar (Constants)

Agar o’zgaruvchining qiymatini dastur davomida o’zgartirishni istamasangiz, uni const kalit so'zi bilan e'lon qilishingiz mumkin. Bu o’zgaruvchi qiymatini dastur davomida o’zgartirish mumkin emas:

const double pi = 3.14159;

O'zgaruvchi Turlarini "auto" bilan Belgilash

C++ da auto kalit so'zi yordamida o’zgaruvchi turini kompilyator tomonidan avtomatik aniqlash mumkin. Kompilyator o’zgaruvchining berilgan qiymatidan kelib chiqib uning turini aniqlaydi:

auto number = 10;  // kompilyator int deb aniqlaydi
auto text = "Hello";  // kompilyator std::string deb aniqlaydi

Ammo, bu yondashuv katta loyihalarda dastur xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, shuning uchun ehtiyotkorlik bilan foydalanish tavsiya etiladi.

O'zgaruvchilarning Ko‘rinish Doirasi (Scope)

C++ da o’zgaruvchilarni turli joylarda e’lon qilishingiz mumkin:

  1. Global o’zgaruvchilar – Funksiyalardan tashqarida e'lon qilinadi va dastur davomida barcha funksiyalarda foydalanish mumkin.
  2. Mahalliy o’zgaruvchilar – Funksiya ichida e’lon qilinadi va faqat shu funksiya ichida mavjud bo’ladi.
  3. Block scope o’zgaruvchilar – Biror blok {} ichida e'lon qilingan bo'lsa, faqat shu blok ichida amal qiladi.
int globalVar = 10;  // global o'zgaruvchi
 
void myFunction() {
    int localVar = 5;  // mahalliy o'zgaruvchi
    {
        int blockVar = 3;  // block scope o'zgaruvchi
    }
    // blockVar ni bu yerda ishlata olmaysiz
}

O'zgaruvchilarga Ma'no berish (Naming Conventions)

O’zgaruvchilar nomini tanlashda ma’noli nomlardan foydalanish, dastur kodini o'qish va tushunishni osonlashtiradi. Masalan:

int x = 5;  // tushunarsiz
int userAge = 5;  // tushunarli

Bundan tashqari, C++ da ikkita asosiy nomlash usuli mavjud:

  • CamelCase: userAge, currentBalance
  • Snake_Case: user_age, current_balance

Kalit So'zlardan Foydalanmaslik

C++ da o’zgaruvchilar e'lon qilishda tilning kalit so'zlari dan foydalanish mumkin emas. Masalan, int class = 5; noto'g'ri, chunki class bu C++ ning kalit so'zidir.

Xulosa

O'zgaruvchilarni tushunish va to'g'ri foydalanish dasturlashning asosiy qismidir. C++ da o’zgaruvchilarni qanday e’lon qilish va ularga qanday nom berishni o'rganish sizning kodni samarali va tushunarli yozishingizga yordam beradi. const, auto, va o'zgaruvchilarni nomlash qoidalari bilan ishlash ham dastur xavfsizligi va aniqligi uchun muhimdir.

Ushbu sahifada

Xato haqida xabar berish